Talabalar turar joyi

Termiz iqtisodiyot va servis universitetida talabalar uchun zamonaviy talablarga javob beradigan, barcha zarur infratuzilmalar bilan jihozlangan 1 ta talabalar turar joyi (TTJ) faoliyat yuritmoqda. Mazkur TTJ 450 nafar talabani sig‘dira oladi va 3 qavatdan iborat bo‘lib, unda talabalar uchun qulay yashash va o‘qish imkoniyatlari yaratilgan.
Talabalar turar joyida 225 ta yotoqxona, 1 ta kutubxona, 1 ta madaniy-ma’rifiy tadbirlar zali, 1 ta sport inshooti, 3 ta oshxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Har bir yotoqxonada 2 nafardan talaba yashaydi. Hozirgi kunda TTJda 450 nafar talaba doimiy ravishda istiqomat qilmoqda. Yashash sharoitlari talabalarning kundalik hayotiga, sog‘lom turmush tarzini olib borishiga, shuningdek, ilm-fan va ijod bilan shug‘ullanishiga mos tarzda tashkil etilgan.
TTJdagi kutubxona talabalar uchun ilm-fan manbai bo‘lib xizmat qiladi. Unda badiiy va ilmiy kitoblar, ensiklopediyalar, ilmiy maqolalar, davriy nashrlar, o‘quv adabiyotlari mavjud. Shuningdek, talabalar o‘zlariga zarur bo‘lgan yangiliklar, dars jadvali va boshqa axborotlarni muntazam yangilanib turadigan e’lonlar orqali kuzatib borishlari mumkin.
Talabalar turar joyida madaniy va ma’naviy hayot ham faol rivojlanmoqda. TTJda tashkil etilgan madaniy-ma’rifiy tadbirlar zali talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, iqtidor va iste’dodlarini namoyon etish imkonini beradi. Bu yerda turli davra suhbatlari, badiiy kechalar, teatr sahnalari, musiqiy chiqishlar va boshqa madaniy tadbirlar muntazam o‘tkaziladi.
TTJga joylashtirishda birinchi navbatda, chin yetim, boquvchisini yo‘qotgan, kam taʼminlangan, “Temir daftar”ga kiritilgan, I va II guruh nogironlari, surunkali kasallik bilan davolangan, xorijdan kelib o‘qiyotgan, oilasida ikki yoki undan ortiq farzandi kontraktda o‘qiyotgan hamda 1 - kurs talabalariga ustuvorlik berilgan. TTJda yashaganlik uchun to‘lov miqdori universitet Kengashi tomonidan ko‘rib chiqilib bir oyga 150 000 (bir yuz ellik ming) so‘m qilib belgilangan.
Shuningdek, talabalarning sog‘lom turmush tarzini shakllantirish maqsadida sport inshooti faoliyat yuritmoqda. Bu yerda talabalar sport bilan shug‘ullanish, jismoniy mashqlar bajarish, jamoaviy musobaqalarda ishtirok etish imkoniyatiga ega.
TTJda tartib-intizom, tozalik va xavfsizlik yuqori darajada ta’minlangan. Universitet rahbariyati tomonidan TTJda yashovchi talabalar bilan muntazam ravishda ishlash yo‘lga qo‘yilgan. Har haftada universitetning professor-o‘qituvchilari navbatchi sifatida TTJda qolib, talabalar bilan bevosita muloqot o‘rnatadi. Bu jarayonda ular bilan ma’naviy-ma’rifiy suhbatlar, kasbiy yo‘naltirish mashg‘ulotlari, tarbiyaviy targ‘ibot ishlari olib boriladi.