Jamoaviy klublar

Jamoaviy klublar

  • 14.06.2025
  • 4
Blog Image

Termiz iqtisodiyot va servis universitetida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning qiziqish va iste’dodlarini ro‘yobga chiqarish maqsadida turli klublar va to‘garaklar faoliyat yuritmoqda. Universitet Yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan tashkil etilgan bu klublar bir necha o‘quv yillardan buyon talabalarni fan, madaniyat, sport va ijod sohalaridagi tanlovlar, ligalar va musobaqalarga faol jalb qilib kelmoqda.

 

Xususan, "Sport klubi" tomonidan muntazam ravishda o‘tkazib kelinayotgan sport musobaqalari — mini-futbol, voleybol, shaxmat, stol tennisi va boshqa yo‘nalishlardagi bellashuvlar talabalarning jismoniy faolligini oshirishda muhim rol o‘ynamoqda. Bu musobaqalar nafaqat sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiladi, balki talabalarning jamoaviy ishlash, raqobatbardoshlik va yetakchilik ko‘nikmalarini ham rivojlantiradi.

 

Bundan tashqari, "Zakovat klubi" tomonidan tashkil etiladigan universitet Zakovat ligasi intellektual salohiyatli talabalar uchun ajoyib maydon bo‘lib xizmat qilmoqda. Har haftalik o‘yinlar va turnirlar orqali talabalar bilim va mantiqiy fikrlash qobiliyatlarini sinovdan o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lishmoqda.

 

Madaniyat va adabiyotga qiziqadigan talabalar uchun esa "Mushoira klubi", "Qizlarjon klubi" hamda Talabalar teatr studiyasi faoliyat olib bormoqda. Bu klublar tomonidan o‘tkaziladigan badiiy kechalar, sahna ko‘rinishlari, insholar tanlovi, milliy urf-odatlarimiz va qadriyatlarimizga bag‘ishlangan tadbirlar talabalar qalbida estetik didni shakllantirish, milliy o‘zlikni anglash va sahna madaniyatini o‘zlashtirishga xizmat qilmoqda. Bundan tashqari talabalarning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish, ularning tasviriy san’atga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Yosh musavvirlar” klubi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur klub san’atga ixlosmand, iste’dodli va izlanuvchan talabalarni birlashtirgan bo‘lib, ular turli janrlarda chizilgan asarlari orqali o‘z dunyoqarashi, estetik didi va individual yondashuvini namoyon etib kelmoqda.

 

Shuningdek, xorijda ta’lim olishga, xorijiy tillarni o‘rganishga qiziqqan talabalar uchun universitet qoshidagi "Til markazi" muhim ahamiyat kasb etmoqda. Markaz doirasida tashkil etilgan yapon, turk va ingliz tillariga ixtisoslashgan yoshlar klublari muntazam darslar, suhbat mashg‘ulotlari, til haftaliklari va madaniy almashinuv tadbirlarini yo‘lga qo‘ygan. Bu klublar orqali talabalar nafaqat til o‘rganadi, balki xalqaro do‘stlik va madaniyatlararo muloqot ko‘nikmalarini ham egallamoqdalar.