TISUda ilmiy-amaliy anjuman o‘z ishini boshladi

TISUda ilmiy-amaliy anjuman o‘z ishini boshladi

  • 12.06.2025
  • 3
Blog Image

Termiz iqtisodiyot va servis universitetida “Profilaktik tibbiyotning dolzarb muammolari: kasalliklar profilaktikasidan yuqori texnologiyali davolashgacha” nomli 2 kunlik respublika ilmiy-amaliy anjumani boʻlib oʻtmoqda.

Bugun ertalabdan universitetning Tibbiyot fakulteti professor-o‘qituvchilari va talabalari anjumanga tashrif buyuradigan mehmonlarni munosib kutib olishdi.

Anjumanda Sogʻliqni saqlash vazirligi vakillari, viloyatimiz hamda respublikamizning barcha hududlaridan kelgan tibbiyot xodimlari, professor-oʻqituvchilar, shuningdek, yosh tadqiqotchi olimlar ishtirok etmoqda. Qolaversa, Tojikistondagi Abu Ali Ibn Sino nomidagi davlat tibbiyot universiteti hamda Tojikiston tibbiy ijtimoiy institutidan ham professor-oʻqituvchilar tashrif buyurgan.

Termiz iqtisodiyot va servis universitetida “Profilaktik tibbiyotning dolzarb muammolari: kasalliklar profilaktikasidan yuqori texnologiyali davolashgacha” nomli 2 kunlik respublika ilmiy-amaliy anjumanining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda universitet rektori A.Sattarov, Sogʻliqni saqlash vazirligi fan, ta'lim va innovatsiyalar boshqarmasi boshligʻi Oʻ.Ismoilov, Tojikiston tibbiy ijtimoiy instituti Normal va patologik fiziologiya kafedrasi mudiri, MDH davlatlari fiziologlar assotsiatsiyasi vitse-prezidenti F.Shukurov hamda Oʻzbekiston Qahramoni, sogʻliqni saqlash a'lochisi, Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filiali Oftalmologiya kafedrasi mudiri Rahmon Muhammadiyevlar soʻzga chiqib, ushbu anjumanning ahamiyati, tibbiyot sohasidagi zamonaviy yondashuvlar va profilaktika tibbiyotining dolzarb masalalari yuzasidan oʻz fikr va mulohazalarini bayon etdilar.

Taqdimotlarda ayni paytda dunyoda va mamlakatimizda keng tarqalayotgan kasalliklarning oldini olish, erta tashxis qoʻyish hamda yuqori texnologiyalar yordamida samarali davolash usullari muhokama qilindi.

Anjuman doirasida “Avitsena salomatlik darajalari va organizmning zamonaviy moslashuv imkoniyatlari klassifikatsiyasi oʻrtasidagi qiyosiy tavsif”, “Oftalmoxirurgiyada ksenotransplantatdan foydalanish imkoniyatlari”, “Surunkali lyambliozni davolashni takomillashtirish” kabi mavzularda seksiya majlislari oʻtkazilmoqda.