TISU "Ma’rifat maydoni" tanlovining hududiy bosqichi g‘olibi

Bugun, 28-mart kuni Termiz shahrida oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida “Ma’rifat maydoni” respublika ko‘rik-tanlovining hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi. Ushbu nufuzli tanlovda oliy ta’lim muassasalari jamoalari bilimdonlik, badiiy mahorat va jamoaviy ishlash borasida o‘z salohiyatlarini namoyon etdilar.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Termiz iqtisodiyot va servis universiteti jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi! Jamoamiz tanlov davomida chuqur bilim, ijodiy yondashuv va mustahkam jamoaviy birdamlikni namoyish etib, eng yuqori natijaga erishdi.
Hududiy bosqichda Surxondaryo viloyatida joylashgan 6 ta oliy ta’lim muassasalarining saralangan jamoalari ishtirok etishdi. Barcha ishtirokchilar bilim va mahoratlarini sinovdan o‘tkazib, yuqori darajadagi raqobat muhitini yaratdilar.
Oldinda jamoamizni yanada mas’uliyatli sinovlar – mintaqaviy va respublika bosqichlari kutmoqda. Ularga tayyorgarlik jadal davom etmoqda va biz jamoamizning keyingi bosqichlarda ham munosib natijalar ko‘rsatishiga ishonamiz.