Talabalar bilan uchrashuv

Bugun universitetda Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasi Gulruxsorabegim Abdusaidova bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Asli Surxondaryolik Gulruxsorabegim ayni paytda Toshkent davlat yuridik universitetining jinoiy odil sudlov fakulteti 4-bosqich talabasi bo‘lishi bilan birga kuchli bilim egasi sanaladi.
U rus, ingliz, yapon va nemis tillarida mukammal soʻzlasha oladi. 8.0 (S1) darajali IELTS xalqaro sertifikatni qoʻlga kiritgan. Koʻplab respublika va xalqaro miqyosda oʻtkazilgan nufuzli tanlovlarda, jumladan, Niderlandiya, Yaponiya, Germaniya davlatlarida o‘tkazilgan xalqaro tanlovlar sovrindori bo‘lgan. U yaqinda AQSHning dunyo reytingida kuchli 100 talikdan joy olgan PennState Dickinson Law universitetida 2025/2026-oʻquv yilida magistraturada tahsil olish grantini qo‘lga kiritgan.
Uchrashuvda Gulruxsorabegim talaba-yoshlar bilan samimiy suhbat qurdi, erishgan yutuqlari va bugungi kunda yoshlar uchun yaratilgan keng imkoniyatlardan unumli foydalanish kerakligini ta'kidladi. Tengdoshlarini a'lo o‘qishga, tashabbuskor bo‘lishga, o‘z ustida doimiy ishlab, ilm sohibasi bo‘lishga chaqirdi.
Uchrashuvda universitet rektori Gulruxsorabegim Abdusaidovani davlat mukofotiga munosib ko‘rilgani uchun tabrikladi. Tadbir nihoyasida Gulruxsorabegimga universitetimizning esdalik sovg‘alari topshirildi.